← Barcha maqolalar

Click to‘lovi ichidan: Prepare va Complete

Bitta to‘lov nega ikki so‘rovdan iborat, imzo nimadan himoya qiladi va server qayerda adashishi mumkin — qadamma-qadam chizma bilan.

Click orqali to‘lov qabul qilish tashqaridan oddiy ko‘rinadi: xaridor tugmani bosadi, pul tushadi. Ichkarida esa Click sizning serveringizga ikki marta murojaat qiladi va har safar aniq javob kutadi. Pul yechilgan, lekin buyurtma «to‘lanmagan» bo‘lib qolgan holatlarning ko‘pi aynan shu ikki so‘rovni noto‘g‘ri tushunishdan kelib chiqadi.

Bu maqolada Click Shop API oqimini boshidan oxirigacha ko‘rib chiqamiz. Avval butun yo‘lni chizmada ko‘ring: «Ijro» tugmasini bosing yoki qadamlarni o‘zingiz almashtiring.

  1. Xaridor Click ilovasida yoki to‘lov sahifasida to‘lovni tasdiqlaydi. Sizning serveringiz bundan hali bexabar.

  2. Click serveringizga Prepare so‘rovini yuboradi (action=0): buyurtma raqami merchant_trans_id, summa amount va imzo sign_string. Savol bitta: bu buyurtma uchun pul olsa bo‘ladimi?

  3. Server imzoni tekshiradi, buyurtmani topadi, summani solishtiradi va to‘lov yozuvini «tayyorlanmoqda» holatida saqlaydi. Pul hali yechilmagan.

  4. Javobda error: 0 va merchant_prepare_id — hozirgina saqlangan yozuvning raqami qaytadi. Click uni eslab qoladi.

  5. Faqat shundan keyin Click xaridorning kartasidan pulni yechadi. Bu qadam to‘liq Click tomonida: o‘tishi ham, o‘tmasligi ham mumkin.

  6. Click natijani Complete so‘rovi bilan xabar qiladi (action=1). Unda o‘sha merchant_prepare_id va error bor: 0 — pul yechildi, manfiy son — to‘lov o‘tmadi.

  7. Server yozuvni merchant_prepare_id bo‘yicha topadi va buyurtmani to‘langan deb belgilaydi. Xuddi shu so‘rov yana kelsa, ikkinchi marta hech narsani o‘zgartirmaydi.

  8. Javobda error: 0 va merchant_confirm_id qaytadi. Click uchun to‘lov shu bilan yakunlanadi.

  9. Xaridor to‘lov o‘tganini ko‘radi, siz esa tovarni yetkazasiz yoki xizmatni ochasiz.

Click Shop API: bitta to‘lovning yo‘li

Nega ikki bosqich

Tasavvur qiling: Click avval pulni yechadi, keyin sizga xabar beradi. Shunda buyurtma topilmasa, summa noto‘g‘ri bo‘lsa yoki buyurtma allaqachon to‘langan bo‘lsa, pul yechilgan bo‘ladi-yu, uni qabul qilib bo‘lmaydi — qaytarishga to‘g‘ri keladi.

Shuning uchun Click avval so‘raydi, keyin yechadi:

  • Prepare — «bu to‘lovni qabul qila olasizmi?» Pul hali xaridorning kartasida. Rad etsangiz, hech kim hech narsa yo‘qotmaydi.
  • Complete — «pul yechildi yoki yechilmadi, natijani qayd eting».

G‘oya ikki fazali commit’ga o‘xshaydi: birinchi bosqichda tomonlar tayyorligini bildiradi, ikkinchisida natija yozib qo‘yiladi.

Ikkala so‘rov ham POST bilan, application/x-www-form-urlencoded formatida keladi. Siz esa JSON bilan javob berasiz.

Imzo: so‘rov rostdan ham Click’dan keldimi

Prepare va Complete manzillari internetga ochiq turadi. Demak, istalgan odam serveringizga «buyurtma to‘landi» degan so‘rov yuborib ko‘rishi mumkin. Buni imzo to‘xtatadi.

Click har bir so‘rovga sign_string qo‘shadi. Bu — so‘rov maydonlari va sizga ulanish paytida berilgan SECRET_KEYdan hisoblangan md5:

Prepare:  md5(click_trans_id + service_id + SECRET_KEY + merchant_trans_id
              + amount + action + sign_time)

Complete: md5(click_trans_id + service_id + SECRET_KEY + merchant_trans_id
              + merchant_prepare_id + amount + action + sign_time)

SECRET_KEY so‘rovning o‘zida yo‘q: uni faqat Click va siz bilasiz. Server shu formulani o‘zi hisoblaydi va natijani sign_string bilan solishtiradi. Mos kelmasa, -1 qaytaradi va boshqa hech narsa qilmaydi.

Bu yerda uchta nozik joy bor:

  1. amount — matn. Imzo Click yuborgan satrning aynan o‘zidan hisoblanadi. Uni songa aylantirib, qaytadan matnga o‘girsangiz va, masalan, 1000.00 o‘rniga 1000 chiqsa, imzo mos kelmay qoladi.
  2. Ikki formula bir xil emas. Complete’da merchant_trans_id bilan amount orasiga merchant_prepare_id qo‘shiladi.
  3. Solishtirish doimiy vaqtda bajarilsin. Oddiy == birinchi farq qilgan belgida to‘xtaydi, va javob vaqtidagi farq imzoni belgima-belgi topishga yordam berishi mumkin. .NET’da buning uchun CryptographicOperations.FixedTimeEquals bor.

Prepare: pul yechilishidan oldin

Prepare’da server uchta savolga javob beradi:

  • buyurtma bormi (merchant_trans_id bo‘yicha)? Yo‘q bo‘lsa — -5;
  • u allaqachon to‘lanmaganmi? To‘langan bo‘lsa — -4;
  • summa to‘g‘rimi? Noto‘g‘ri bo‘lsa — -2.

Hammasi joyida bo‘lsa, server to‘lov yozuvini «tayyorlanmoqda» holatida saqlaydi va uning raqamini merchant_prepare_id sifatida qaytaradi. Onlayn do‘konlar shu paytda tovarni band qilib qo‘yadi, toki u boshqa xaridorga sotilib ketmasin.

{
  "click_trans_id": 123456789,
  "merchant_trans_id": "order-42",
  "merchant_prepare_id": 7001,
  "error": 0,
  "error_note": "Success"
}

Eng muhimi: Prepare — to‘lov emas. Bu bosqichda buyurtmani to‘langan deb belgilab yoki tovarni berib bo‘lmaydi: pul hali yechilmagan va umuman yechilmasligi ham mumkin.

Complete: natijani qayd etish

Complete’da hammasini so‘rovdagi error maydoni hal qiladi.

error manfiy — to‘lov Click tomonida o‘tmadi. Server yozuvni bekor qilingan deb belgilaydi, band qilingan tovarni bo‘shatadi va -9 qaytaradi.

error nolga teng — pul yechildi. Server yozuvni merchant_prepare_id bo‘yicha topadi, u shu buyurtmaga tegishli ekanini tekshiradi va buyurtmani to‘langan deb belgilaydi.

Bu yerda eng ko‘p unutiladigan narsa — idempotentlik. Click Complete’ni bir necha marta yuborishi mumkin, masalan, javobingiz unga yetib bormasa. Ikkinchi so‘rov tovarni ikkinchi marta berib yubormasligi kerak: yozuv allaqachon to‘langan bo‘lsa, server hech narsani o‘zgartirmaydi.

Yana bir qoida: Prepare’ga rozilik berilgan va pul yechilgan bo‘lsa, Complete’ga xato bilan javob berib bo‘lmaydi. Click hujjatida faqat ikki istisno ko‘rsatilgan: to‘lov avval tasdiqlangan (-4) yoki avval bekor qilingan (-9). Bir necha urinishdan keyin ham xato qaytaversa, to‘lov Click texnik yordamiga qo‘lda tekshirishga o‘tishi mumkin.

Pul yechilgach, tovarni bera olmasangiz-chi? Unda ham Complete’ga «muvaffaqiyatli» deb javob berasiz, pulni esa Merchant API’ning payment/reversal metodi orqali qaytarasiz.

Ko‘p uchraydigan xatolar

  • Prepare’ni to‘lov deb hisoblash. Buyurtma Prepare’dayoq «to‘langan» bo‘lib qoladi, pul esa yechilmagan.
  • amountni qayta formatlash. Imzoni hisoblashda Click yuborgan satrning o‘zini ishlating.
  • Complete’ni idempotent qilmaslik. Takroriy so‘rov ikkinchi marta yetkazib berishga olib keladi.
  • Manfiy errorni o‘tkazib yuborish. «Complete keldi — demak, pul tushdi» degan taxmin noto‘g‘ri.
  • merchant_prepare_idni buyurtmaga bog‘lamaslik. Yozuv topildi, lekin u boshqa buyurtmaniki bo‘lishi mumkin: ikkalasini birga tekshiring.

Javob kodlari

Serveringiz Click’ka qaytaradigan kodlar:

Kod error_note Qachon
0 Success Hammasi joyida
-1 SIGN CHECK FAILED! Imzo mos kelmadi
-2 Incorrect parameter amount Summa noto‘g‘ri
-3 Action not found Noma’lum action
-4 Already paid To‘lov avval tasdiqlangan
-5 User does not exist Buyurtma yoki foydalanuvchi topilmadi
-6 Transaction does not exist merchant_prepare_id bo‘yicha yozuv topilmadi
-7 Failed to update user Ma’lumotni yangilab bo‘lmadi
-8 Error in request from click So‘rovning o‘zi noto‘g‘ri
-9 Transaction cancelled To‘lov avval bekor qilingan

.NET’da tayyor yechim

Bu qoidalarni har bir loyihada qaytadan yozmaslik uchun ularni ochiq kodli kutubxonaga chiqardim — Click .NET SDK. U so‘rovni o‘qiydi, service_id va imzoni tekshiradi, javobni to‘g‘ri formatda yig‘adi. Sizga faqat ikki metod qoladi.

Ulash:

builder.Services.AddClick<OrderClickHandler>(builder.Configuration);

var app = builder.Build();

// POST /click/shop: Prepare ham, Complete ham shu manzilga keladi
app.MapClickShopApi();

Biznes mantiq:

public sealed class OrderClickHandler(AppDbContext db) : IClickShopHandler
{
    public async Task<ClickPrepareResult> OnPrepareAsync(
        ClickShopRequest r, CancellationToken ct)
    {
        var order = await db.Orders
            .FirstOrDefaultAsync(o => o.Id == r.MerchantTransId, ct);

        if (order is null)
            return ClickPrepareResult.Fail(ClickError.UserNotFound);     // -5
        if (order.IsPaid)
            return ClickPrepareResult.Fail(ClickError.AlreadyPaid);      // -4
        if (order.Amount != r.AmountValue)
            return ClickPrepareResult.Fail(ClickError.IncorrectAmount);  // -2

        var payment = new Payment
        {
            OrderId = order.Id,
            ClickTransId = r.ClickTransId,
            Amount = r.AmountValue,
            State = PaymentState.Preparing,
        };
        db.Payments.Add(payment);
        await db.SaveChangesAsync(ct);

        return ClickPrepareResult.Ok(payment.Id); // merchant_prepare_id
    }

    public async Task<ClickCompleteResult> OnCompleteAsync(
        ClickShopRequest r, CancellationToken ct)
    {
        var payment = await db.Payments
            .FirstOrDefaultAsync(p => p.Id == r.MerchantPrepareId, ct);

        if (payment is null || payment.OrderId != r.MerchantTransId)
            return ClickCompleteResult.Fail(ClickError.TransactionNotFound);   // -6

        // To‘lov Click tomonida o‘tmadi.
        if (r.Error < 0)
        {
            payment.State = PaymentState.Cancelled;
            await db.SaveChangesAsync(ct);
            return ClickCompleteResult.Fail(ClickError.TransactionCancelled);  // -9
        }

        if (payment.State == PaymentState.Cancelled)
            return ClickCompleteResult.Fail(ClickError.TransactionCancelled);  // -9

        // Takroriy so‘rov bu yerga kirmaydi: yozuv allaqachon to‘langan.
        if (payment.State != PaymentState.Paid)
        {
            var order = await db.Orders.FirstAsync(o => o.Id == payment.OrderId, ct);
            payment.State = PaymentState.Paid;
            order.IsPaid = true;
            await db.SaveChangesAsync(ct); // ikkala o‘zgarish — bitta tranzaksiyada
        }

        return ClickCompleteResult.Ok(payment.Id); // merchant_confirm_id
    }
}

r.Amount — Click imzolagan satrning o‘zi, r.AmountValue — uning decimal ko‘rinishi. Imzo birinchisidan hisoblanadi, summani solishtirishga esa ikkinchisi qulay.

SDK imzoni doimiy vaqtda solishtiradi, amountni satr holida saqlaydi va imzo mos kelmasa, handler’ni umuman chaqirmaydi. Ya’ni yuqoridagi nozik joylar kutubxona ichida hal qilingan. Kodi GitHub’da ochiq.

Xulosa

  • Prepare so‘raydi, Complete qayd etadi. Pul shu ikkisining orasida yechiladi.
  • Imzo — so‘rov Click’dan kelganining yagona isboti. Uni har safar, biznes mantiqdan oldin tekshiring.
  • Complete idempotent bo‘lsin: bir xil so‘rov ikki marta kelsa ham, natija bitta.

Manba: Click Shop API hujjatlari.

Yana o‘qing

  1. RAM va .NET xotirasi: yacheykadan GC gachaRAM ichida nima bor, CPU baytni qanday o‘qiydi, OS xotirani jarayonga qanday beradi va .NET uni qanday boshqaradi — o‘lchovlar va qadamma-qadam chizmalar bilan.